2021-yil 14-aprel kuni Nukusdagi I.V.Savitskiy nomidagi muzeyning konferens-zalida OAVda atrof-muhit va iqlim mavzusini yorituvchi hududiy jurnalistlar va blogerlar ishtirokida “Iqlim o‘zgarishi – global halokatmi yoki yangi rivojlanish paradigmasi?” mavzusida Café Scientifique formatidagi uchrashuv o‘tkazildi.

Bahs-munozara arafasida BMTTD eksperti Liliya Zavyalova global iqlim o‘zgarishining asosiy sabablari va uning odamlar hayotiga ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri haqida, shuningdek O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 26-konferensiyasida (COP-26) bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga ko‘rayotgan tayyorgarligi to‘g‘risida gapirib berdi. Ushbu konferensiya 2021-yil noyabr oyida Glazgoda (Buyuk Britaniya) bo‘lib o‘tadi. Aytish joizki, uning o‘tkazilishi global isishga nisbatan ko‘riladigan chora-tadbirlar bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishda muhim qadam hisoblanadi.

Liliya Vasilyevna o‘z nutqida:
• iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘tkaziladigan muzokaralarning ilmiy va siyosiy mazmuni
• mamlakatlar tomonidan Kioto protokoli hamda Parij kelishuvi
• va iqlim muammolari bo‘yicha boshqa xalqaro hujjatlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilish shartlari haqida so‘z yuritdi.

Jurnalistlar va ekspertlar loyiha ishtirokchilari va jurnalistlar, shu jumladan o‘z materiallarida iqlim o‘zgarishi muammolarini ko‘taradigan jurnalistlar o‘rtasidagi aloqalarning samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

"Jurnalistlar keng jamoatchilikning xabardorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Fuqarolik jamiyatining iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga jalb etilganlik darajasi ularning kasbiy mahoratiga, jurnalistik materiallarning sifatiga, taqdim etiladigan axborotning dolzarbligi, haqqoniyligiga bog‘liq", - deydi O‘zbekiston Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazining direktori Saida Sulaymonova.

Tadbir BMTTD, Hamdo‘stlik va rivojlanish ishlari (FCDO) bo‘yicha Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining hamkorlikdagi “Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligi bo‘yicha siyosiy choralar” mintaqaviy loyihasi doirasida o‘tkazildi. Ushbu loyiha iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda faolroq va izchilroq harakatlarni qo‘llab-quvvatlash orqali Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha strategik choralarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.