26 sentabr, 2019 y. Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi binosida hukumat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va YuNESKOning “Barqaror qishloq hududlari rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash orqali Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligining dolzarb muammolarini hal qilish” qo`shma loyihasini ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Bu BMTning Oʻzbekistondagi Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi (IXKTF) tomonidan moliyalashtirilayotgan birinchi loyiha boʻlib, uning byudjeti 1463,900 AQSH dollariga teng.

Loyihaning maqsadi mintaqadagi eng zaif jamoalarda Orol dengizi inqirozi natijasida vujudga kelgan ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni yumshatishdir. Asosiy tadbirlar shu yoʻnalishda yechimlar majmuasini ishlab chiqish, Qoraqalpog'istonning Taxtako'pir, shuningdek Mo’ynoq va Chimboy tumanlarida aholi uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkonlarini yaratish, turmush darajasini oshirish va barqaror turizmni rivojlantirishga qaratilgan.

«Orolboʻyi mintaqasiga koʻmak koʻrsatish masalalari BMTTD uchun muhim ahamiyatga ega, biz mintaqadagi ishtirokimizni kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettiramiz", - dedi Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili marosim ishtirokchilariga qaratilgan tabrik nutqida. - Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikka yangicha yondashuv Oʻzbekiston Prezidentining Orolboʻyi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish tashabbusiga asoslanadi. Shu nuqtai nazardan, BMTTD mintaqada Barqaror Taraqqiyot Maqsadlariga erishish uchun innovatsion yechimlarni amalga oshirish bo'yicha jahon tajribasini taklif etadi”.

Loyihani amalga oshirish natijasida 2230 dan ortiq qishloq aholisiga ichimlik suvi yetkazib beriladi, 1000 dan ortiq zaif jamoalarning vakillari kichik va oʻrta biznesda, shuningdek ekoturizm sohasida daromad olish imkoniyatlarini kengaytiradilar. Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonzor barpo etish orqali iqlim oʻzgarishiga moslashishda ham koʻmak koʻrsatiladi.

IXKTF loyihaviy takliflari uchun arizalar dastlabki qabul qilinishi joriy yil boshida e’lon qilingan edi. Bunda ustuvor yoʻnalishlar sifatida ekologik xavfsizlikni taʼminlash, sogʻliqni saqlash sohasida xavfsizlikni taʼminlash hamda ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash, shu jumladan, asosiy kommunal xizmatlardan, ijtimoiy himoya, suv taʼminoti, sanitariya va taʼlim sohalaridan foydalana olish imkoniyatini yaxshilash belgilangan edi.

Jamgʻarma faoliyatida ishtirok etuvchi tashkilotlari tomonidan umumiy qiymati 4,23 mln. AQSh dollari qiymatiga ega beshta loyiha taqdim etilgan edi. Hukumat, BMT tashkilotlari, donorlar - Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Yaponiya elchixonasi, mahalliy NNT vakillaridan iborat Boshqaruv kengashi tomonidan loyiha takliflari oʻrganib chiqilgandan soʻng umumiy qiymati 3,085 mln. AQSh doll.ga teng ikkita loyiha tasdiqlandi.

Orol dengizi mintaqasi uchun IITFB xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donorlik hamjamiyatining mablagʻlarini safarbar etish orqali ekologik, iqtisodiy, oziq-ovqat, ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini yaxshilash uchun noyob yagona platforma hisoblanadi.