O‘zgidrometda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Moshlashish Jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” qo‘shma loyihasi muvofiqlashtiruvchi Kengashining beshinchi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish ishida BMT TD, O‘zgidromet, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston vazirliklari va soha idoralari vakillari qatnashdilar.

Tadbir ishtirokchilari oldida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari B.Nishonov va BMT TD ning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi F.Karaxanovlar tabrik nutqi bilan chiqdilar. Loyiha mutaxassislari tomonidan loyiha oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish borasida erishilgan yutuqlar haqida quyidagi ma’lumotlar taqdim etildi:

  • Qurg‘oqchilik xavfini boshqarish va uni oldindan ogohlantirish bo‘yicha institutsional potensial va mexanizimining yaratilganligi;
  • Qoraqalpog‘iston dehqon xo‘jaliklari uchun iqlimiy barqaror fermer xo‘jaligini yuritish amaliyotining ishlab chiqilganligi;
  • • Degradatsiyaga uchragan yerlar va yaylovlarning iqlimiy barqarorligini yaxshilash imkonini beradigan tuproq himoyasi va unda namlikni saqlash bo‘yicha landshaft darajasidagi moslashuv choralarining amalga oshirilganligi;
  • • Qurg‘oqchil yerlarda amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, jumladan, o‘simlikchilik va chorvachilikda iqlimiy barqaror tizimlar haqidagi bilimlarning shakllanganligi va ushbu bilimlardan keng foydalanish imkoniyatlarining ta’minlanishi.

Ekspertlarning baholashicha, O‘zbekiston oxirgi ikki o‘n yillikda bir necha marta o‘ta jiddiy qurg‘oqchiliklarga duchor bo‘ldi. O‘ta ekstremal hisoblangan 2000-2001 yillardagi qurg‘oqchilikda 50-75% hosil nobud bo‘ldi. Iqlim o‘zgarishi ssenariyalarining prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qurg‘oqchilikning takrorlanish holatlari va uning jadalligi ortib boradi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda Orol dengizi inqirozi oqibatlarining salbiy ta’sirlari tufayli salbiy gidrometeorologik hodisalarning chuqurlashuvi ro‘y berdi.

Loyihaning rahbari A.Merkushkin: “Qanday qilib iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish mumkinligini, va shu jarayonning qanchalik zarurligini anglashimiz muhim, chunki xavfli iqlimiy hodisalarni bartaraf etishga hozircha ojizmiz. Moslashuv choralari – bu uzoq muddatli choralar majmuasidir, ular iqlimiy kelib chiqishli xavfli hodisalarning oqibatlarini pasaytirish va, shuningdek, ularni yumshatish imkonini beradi”, deb ta’kidladi. 2017 yilda Qoraqalpog‘istondagi hududiy qamrovi 40 000 km2 bo‘lgan 10 ta meteorologik stansiyalardan tashkil topgan barcha meteorologik kuzatish tarmoqlari avtomatlashtirildi. Amudaryoning quyi oqimidagi ikkita tayanch gidrologik postlar suv sarflarini o‘lchashning avtomatik tizimi yordamida modernizatsiya qilindi.

Beshta yangi uzatkichlar – pironometrlar ham gidrometeorologik monitoring tizimi texnik imkoniyatlarini orttirishga yordam berdi. O‘tgan yilda 40 ta kuzatuvchi mutaxassislar o‘lchash va kommunikatsiya uskunalarini ishlatish hamda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tdilar.

Mutaxassislar o‘zlarining hisobot taqdimotlarida Amudaryoning quyi oqimi sharoiti uchun moslashtirilgan qurg‘oqchilikni oldindan ogohlantirish tizimi yordamida vegetatsiya davrida kam suvlilik yoki qurg‘oqchilikning yuzaga kelishi mumkinligini uch oy muddat bilan oldindan, yuqori darajadagi aniqlikda, prognozlash imkoniyatlarini alohida qayd etdilar.

Qoraqalpog‘iston fermerlari va dehqonlari, qishloq aholisi Nukus va ikkita namunaviy rayonda faoliyat olib borayotgan Axborot-maslahat markazlariga murojaat etib, resurstejamkorlikning zamonaviy texnologiyalari haqida, batafsil ma’lumotlar olishlari mumkin. Loyiha mutaxassislarining hisobotlariga ko‘ra, joriy yilda mazkur markazlarning xizmatlaridan 3893 kishi bahramand bo‘ldilar. Eng ko‘p murojaatlar ekin maydonlarini lazerli tekislash texnologiyasini qo‘llash imkoniyatlari masalasida bo‘ldi. Ushbuning natijasi o‘laroq, mazkur texnologiyadan amalda foydalanish 1390 ga maydonda o‘tkazildi. Uskunani ishlatish bo‘yicha Kegayli, Qonliko‘l, Chimboy va Taxtako‘pir tumanlaridan 944 ta fermerlar hamda ularning 2292 ta vakillari o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tdilar va uni qo‘llashda texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘llanma oldilar. Mazkur uskunalarning 15 ta majmuasi mahalliy jamoalarga foydalanish uchun taqdim etildi.

Umuman olganda, loyiha tomonidan 83 nomdagi texnik vositalar sotib olindi va ular ehtiyojmand foydalanuvchilarga taqdim etildi. Ushbu agromashinalar va mexanizmlar 750 ming AQSh dollarida baholanadi.

Eng muhim natijalardan yana biri – BMT TD bilan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik haqidagi memorandumning imzolanganligi bo‘ldi. Ushbu memorandumga asosan, respublika o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 3000 ga maydondagi degradatsiyaga uchragan yerlarda o‘rmon-melioratsiya ishlari amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘istonda, loyihani amalga oshirish doirasida, ilk bor kooperativ jamoalar tashkilotlari yordamida, yaylovlarni tiklash amaliyoti sinovdan o‘tkazildi. Ushbu tadbir iqlim o‘zgarishiga landshaft darajasida moslashish choralaridan biri hisoblanadi. Joriy 2018 yilda ana shunday kooperativlarning 10 tasidan 9 tasi 5 ta namuna tumanlarda tashkil etildi. Kooperativ boshqarish tamoyillari asosida tashkil etilgan yaylov jamoalarida chorvachilik xo‘jaliklarining 43522 ta vakillari birlashgan. Mazkur jamoalar 15307 ga maydonda yangi yaylovlarni tashkil etish bilan ham shug‘ullanadilar.

Loyihaning 2018 yildagi faoliyati natijalari hamda 2019 yilga mo‘ljallangan rejalari bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarning jonli muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ma’lumotlar joriy yilda erishilgan natijalarni yanada mustahkamlashni hamda loyiha oldida turgan va kelgusi yilga belgilangan vazifalar yutuqlarini ta’minlovchi yanada samarali harakatlarni nazarda tutadi.

Kengash qatnashchilari loyiha tomonidan namoyish etilgan eng yaxshi amaliyotlar namunalarini, ularni keng miqyosda qo‘llash lozimligini qayd etdilar, Maslahat-axborot markazlarining texnik hamda uslubiy imkoniyatlarini yanada orttirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdilar. Shuningdek, loyihaning qo‘llab-quvvatlashi natijasida yaratilgan, yaylov jamoalari amaliyotida iqlimiy barqaror texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish hamda loyiha maqsadli guruhlarining iqlimiy barqaror qishloq xo‘jaligi yuritish masalalari bo‘yicha ularning xabardorligini oshirish borasida keng miqyosdagi tadbirlarni amalga oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

Maqsadli guruhlar vakillarining fikrlari, tilaklari va ehtiyojlari ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi va, ular imkoniyat darajasida, kelajakda loyiha faoliyatini rejalashtirishda hisobga olinadi. Tadbir ishtirokchilari barcha mavzularning komponentlari bo‘yicha loyihaning maqsadi va vazifalarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyorliklarini izhor etdilar.