Toshkentda qurgʻoqchilik haqida oldindan ogohlantirishning takomillashtirilgan tizimini amaliyotda qoʻllash imkoniyatlari va istiqbollarini muhokama qilishdi.

2018 yilning 23 oktabr kuni “Poytaxt” biznes markazida BMTTD/AF va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmatining “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etilgan “Qurgʻoqchilik haqida oldindan ogohlantirish tizimini takomillashtirish: imkoniyatlar va amalda qoʻllashning istiqbollari” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

Soʻnggi ikki yil mobaynida Oʻzbekiston bir necha ekstremal qurgʻoqchilikni boshidan kechirdi, natijada hosilning 50dan to 70 foizigachasi yoʻqotildi. 2000-2001 yillardagi ogʻir qurgʻoqchilik davrida gʻalla mahsulotini ishlab chiqarish 14 foizga, boshqa ekinlar hosili esa 45-75 foizgacha pasaydi. Yetkazilgan zarar taxminan 130 million AQSh dollari miqdorida baholangan. Iqlim oʻzgarishlarini ssenariysini bashoratiga koʻra, Oʻzbekistonda qurgʻoqchilikni qaytarilish tezligi va uning jadalligi sur’ati bundan buyon ham oshib boraveradi.

2017 yilda loyihaning faoliyati davomida ilgari axborotni qoʻlda yigʻish sharoitida ishlagan Qoraqalpogʻistonning barcha meteorologik tarmoqlari avtomatlashtirildi. Seminar tashkilotchilarini qayd etishicha, bu oldindan ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish va ekstremal gidrometeorologik holatlar oqibatlariga tayyorgarlikni ta’minlash imkonini berdi.

Qurgʻoqchilik haqida oldindan ogohlantirish tizimi Oʻzbekistonning suvni tabiiy oqimini shakllanish hududi boʻlgan togʻ daryolarining yuqori qismi, hamda turli ehtiyojlar, avvalambor, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish uchun suvdan qizgʻin foydalanadigan mintaqa boʻlmish Amudaryoning quyi qismida suv resurslarining mavjud hajmini bashoratlash imkonini beradi. Amudaryoning quyi qismidagi suvning oz-koʻpligi miqdorini bashoratlash turli muddatlarda - yanvar, fevral va may oylarida amalga oshiriladi.

“Qurgʻoqchilik haqida oldindan ogohlantirish tizimini roli shundan iboratki, avvalambor, suv taqchilligi va qurgʻoqchilik yuzaga kelishi mumkinligi haqida Qoraqalpogʻistonning nafaqat mutasaddi vazirlik va idoralarini, balki qishloq uy xoʻjaligi va fermerlar kabi iste’molchilarga ham suvning oz-koʻpligi borasidagi uzoq muddatli bashoratlarni yetkazishdan iboratdir. Buning uchun mahalliy hamjamiyatlar vakillarini ommaviy axborot vositalari, Qoraqalpogʻistonda tashkil etilgan maslahat-axborot markazlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmatining qurgʻoqchilikni monitoring qilish markazi orqali Amudaryoning quyi qismida suvning oz-koʻpligi miqdori borasidagi bashoratlardan xabardor boʻlish imkoniyatlarini kengaytirish zarur”, - dedi oʻz taqdimotida Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati huzuridagi gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimi Aleksandr Pak.

Qoraqalpogʻistondagi qaror qabul qiluvchi shaxslar (mahalliy ma’muriyatlar, faoliyati suv sektori bilan bogʻliq boʻlgan soha vazirliklari va idoralari) mahalliy hamjamiyatlar (fermer va dehqon xoʻjaliklari, suvdan foydalanuvchilar uyushmasi va qishloq uy xoʻjaliklari) mazkur tizim yordamida olingan Amudaryoning quyi qismidagi suvning oz-koʻpligi miqdori haqidagi bashoratning muayyan iste’molchilari boʻlishlari mumkin. Seminar ishtirokchilari orasida – soha vazirliklari, idoralari, Nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati, “Sirdaryo” havzasi suv xoʻjaligi tashkiloti, Fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi vakillari va boshqalar bor.

Oʻzbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi qurgʻoqchilik xatariga eng duchor boʻlgan hudud - Qoraqalpogʻistonning fermer xoʻjaliklari barqarorligini ta’minlashga koʻmak berib kelmoqda. Loyiha Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va iqlim oʻzgarishi haqidagi BMTning doiraviy konvensiyasini Adaptatsion fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda.