Respublikaning barcha viloyatlari hamda Qoraqolpog‘istonda 2018 yil 19 iyuldan 10 avgustgacha «Fermer xo‘jaliklarini suvtejamkor texnologiyani qo‘llash yo‘li bilan kam suvlilik sharoitiga moslashtirish» mavzuida bir kunlik trening bo‘lib o‘tadi.

Qoraqolpog‘istonning Qorao‘zan tumanida 8 avgustdagi uchrashuvda mahalliy dala fermer maktabidan 68 mutaxassis, yaylovlardan foydalanuvchi kooperativlar a’zolari, agrosuvtejamkor texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha mas’ullar, fermerlar, dehqonlar va boshqa manfaatdor shaxslar qatnashdilar.

Treningning maqsadi – suvtejamkor texnologiyalarning mavjud turlarini hamda kamsuvlilik sharoitida ularni qo‘llash usullarini taqdimot ko‘rinishida namoyish etishdir.

Seminarning nazariy qismida, misol sifatida, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning ananaviy hamda zamonaviy usullarining afzalliklari solishtirildi, tuproq namligini tekshirish yo‘li bilan sug‘orish zarurligini aniqlash usullari namoyish etildi, shuningdek, bunda o‘lchov qurilmalaridan foydalanish ham ko‘rsatildi. Mutaxassislar asosiy mavzular qatorida, suvdan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida ham gapirdilar, sug‘orishda suvni besamara yo‘qotish sabablari, sug‘orishning mavjud suvtejamkor usullari va ularni qo‘llash sharoitlari ko‘rsatib berildi.

O‘quv treningi Suv resurslarini boshqarish Milliy proekti doirasida, rivojlanish va hamkorlik bo‘yicha SHvetsariya agentligining qo‘llab-quvvatlashi hamda BMTning «Orol dengizi inqirozi natijasida aziyat chekayotgan aholi hayoti barqarorligi potensialini Orol bo‘yi regoni uchun inson xavsizligi bo‘yicha Ko‘ptomonlama sherikchilik jamg‘armasini yaratish yo‘li bilan mustahkamlash» qo‘shma loyihasi hamda BMT TD va Moslashuv Jamg‘armasining «O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari iqlimiy barqarorligini ta’minlash» loyihalari sherikchiligida tashkil etildi.