25-29 avgust kunlari Qoraqalpogʻistonning beshta tumanida “Iqlim oʻzgarishi sharoitida yaylov chorvachiligini rivojlantirish orqali qishloq hamjamiyatlari barqarorligini ta’minlash” mavzuida seminarlar oʻtkaziladi.

Ekologlar choʻllanish jarayonlarini kuchayishi, hamda yaylovlar degradatsiyasini Orol fojiasining salbiy oqibatlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlamoqdalar. Masalan, 1995-2014 yillar mobaynida Qoraqalpogʻistondagi yaylovlar unumdorligi 23 foizga pasaygan, bu vaqtda esa yirik qoramol soni va zichligi anchagina oshgan. Yuzaga kelgan vaziyatda eng maqbul yechim sifatida yaylovlarni samarali boshqarish boʻyicha amaliy mexanizmni yaratish taklif etilmoqda. Bunday yondashuv nafaqat degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklaydi, balki ularning ozuqa salohiyatini ham oshiradi.

Joriy yil davomida Qoraqalpogʻistonda Oʻzbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmatining “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” qoʻshma loyihasini amalga oshirish doirasida Qoraqalpogʻistonda 9ta kooperativ tashkil etildi. Ularning uchtasi Kegeyli, uchtasi Taxtakoʻpir, bittadan Chimboy, Qanlikoʻl va Muynoq tumanlarida joylashgan. 42 229 nafar odam (ularning 20 041 nafari ayollar) mazkur birlashmalar faoliyatiga jalb etilgan, bu esa yangi ish oʻrinlari, aholi farovonligini oshishi, yangi bilim va koʻnikmalar, qoʻrgʻoqchilik xavfi yuqori boʻlgan sharoitda mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini ta’minlash boʻyicha amaliyotlarni anglatadi.

Qayd etish joizki, ilgarilari Qoraqalpogʻistonda mana shunday kooperativ hamjamiyatlarni tashkil etish amaliyoti boʻlmagan. Shu munosabat bilan loyihaning namunaviy tumanlarida muntazam uchrashuvlar oʻtkazib turilibdi, ularda kooperativ hamjamiyatlar tashkil etish orqali landshaft darajasida iqlim oʻzgarishlariga moslashish ahamiyati tushuntirib borilmoqda.

Tadbir dasturiga muvofiq, ishtirokchilarni kooperativ foydalanish uchun yaylov yerlarini taqdim etishning qonunchilik asoslari, kooperativlar faoliyatini tashkil etish, ishga joylashtirish va qishloq aholisini yil davomida bandligini ta’minlash imkoniyatlari, yaylov yerlari holatini yaxshilash usullari va yem-xashak ishlab chiqarish masalalari bilan tanishtiradilar. Qator taqdimotlar qurgʻoqchil iqlim sharoitlarida oʻt-oʻlanlar barqarorligini, shu jumladan, biofaol vositalar (gumatlar) yordamida ta’minlash uslublariga bagʻishlanadi, ishtirokchilar vitaminlashtirilgan yem konsentratlarini ishlab chiqarish haqida axborot olishadi. Yana bir alohida taqdimot Maslahat-axborot markazlari ishiga va ularni iqlim oʻzgarishiga moslashish masalalari boʻyicha hamjamiyatlar va yaylov kooperativlari bilan hamkorligiga bagʻishlanadi. Qoraqalpogʻistonning toʻqay oʻrmonlari misolida ishtirokchilarga ixota koʻchatlarini ekish chizmalarini taqdim etishadi, hamda ushbu maqsadlar uchun eng maqbul boʻladigan daraxt turlari haqida axborot berishadi.

Seminarda ishtirok etish uchun kooperativlarning bir ming nafarga yaqin a’zolari taklif etilgan, ular orasida tuman qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari mutaxassislari, aholi bandligini ta’minlash uchun mas’ullar, soliq inspeksiyasi vakillari va boshqalar bor.